Ekspert: Rossiya iqtisodiyoti YeOIIga a'zo kichik iqtisodiyotlarni «yutib yuboradi»
O‘zbekiston hozirgi raqobatbardoshlik darajasi va nomukammalliklar bilan YeOIIga kirishi to‘g‘rimi? Mamlakat mintaqaviy integratsiyani YeOII shaklida chuqurlashtirishga qanchalik tayyor? Iqtisod fanlari doktori Orifjon Namozov Kun.uz uchun yozgan maqolasida ayni mavzudagi qarashlarini bayon etdi.

Juda ishonchli ko‘rinishi mumkin bo‘lgan alohida ko‘rsatkich yoki o‘lchovlarga asoslangan chalg‘ituvchi raqamlardan ehtiyot bo‘lish kerak. Ijobiy va salbiy tomonlarning oddiy ro‘yxatidan tashqariga chiqib, bunga kompaniyalar, sohalar va mamlakatning raqobatbardoshligi nuqtayi nazaridan tizimli ravishda qarash lozim.
Yetuklik va layoqat, ichki iqtisodiyotning imkoniyatlardan foydalanishga qanchalik tayyorligi va YeOII doirasidagi xavf-xatarlarning oldini olish – eng asosiy masalalar hisoblanadi. Tashkilotga a'zo bo‘lish O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishini albatta kafolatlaydi, deb bo‘lmaydi.
EOII bilan bog‘liq vaziyatda biz tashqi savdoning qisman liberallashuvi emas, balki milliy bozorlarning umumiy liberallashuvi va birlashuviga duch kelamiz. YeOIIning integratsiyaviy platformasi «to‘rt erkinlik» — tovarlar, xizmatlar, mehnat va kapital harakati erkinligini beradi. Shu tarzda, YeOII kompleks yoki tizimli integratsion platforma hisoblanadi.
Aslida, bunday tizimli mintaqaviy integratsiya – qimmat siyosatdir. Buni ichki iqtisodiy immuniteti bor, statik va dinamik kuchga ega boy va ishlab chiqarishi yetarli bo‘lgan jamiyatlar o‘zlariga ravo ko‘rishlari mumkin. Bilimlar, texnologiyalar, davlat boshqaruvi va korporativ menejmentni tez hamda muvaffaqiyatli rivojlantirayotgan, institutsional jihatdan o‘sib borayotgan jamiyatlar ham liberallashtirishni yaxshi amalga oshira oladi.
Institutsional yetuklik tanqisligi
Bugungi kunda islohotlar yo‘lining yarmida to‘xtab qolgan jamiyatlar o‘rtasida integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirish uchun zarur sharoitlar pishib yetildi, degan fikrga qo‘shilish qiyin. YeOII bir qarashda, jonli va faol mavjudotga o‘xshaydi. Ammo, bu ittifoqning istiqbolida ham MDHdagi kabi qisman mavhumlik va mo‘rtlik ko‘rinadi. YeOIIning shakllanishi va ilgari surilishi jarayonining ba'zi belgilari Moskvadagi markaz bilan sovetcha yoki neosovetcha integratsiyani eslatadi. Kichik iqtisodlar ushbu hukmdor markazning atrofida bo‘ladi.
Markaziy Yevrosiyo va Markaziy Osiyoning asosini tashkil etuvchi qo‘shni davlatlar obektiv tarzda integratsiyalashuvga mahkum. Biroq davlatlar shunchaki integratsiya uchun birlashmaydi, balki aniq maqsadlarni ko‘zlaydi hamda aniq manfaat kutadi, muqarrar xarajatlarni esa kamaytirishni xohlaydi.
Eng katta to‘siq ham aynan shu yerda. Integratsiyaning u yoki bu modeli har bir potensial ishtirokchini qoniqtirmasligi mumkin. Integratsiya modelini tanlash har bir ishtirokchining ichki institutsional, iqtisodiy, siyosiy, ilmiy-texnologik va boshqa ko‘p qirrali yetukligiga bog‘liq.
YeOII va MDH davlatlaridagi jamiyatlar va ularning iqtisodiyoti aksar jihatdan hanuz possovet bosqichida qolmoqda. Chorak asr davomida ko‘p narsalar o‘zgardi, lekin davlatlar possovet transformatsiyasi inersiyasidan to‘la qutula olganlaricha yo‘q – jamiyatdagi barcha tizimlarni yangilab, texnologik va ijtimoiy taraqqiyot yo‘liga chiqib olishmadi.
YeOIIga qanaqa iqtisodiy meros bilan kirmoqchimiz?
O‘zbekiston, agar qaror qabul qilgan taqdirda, qanaqangi institutsional, struktur, sohaviy va makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan YeOIIga kirishiga aniq baho berilishi kerak. Yangi ittifoq mamlakatning tovar, mehnat va pul bozorlariga yanada qat'iy shartlar hamda bozordagi qo‘shimcha mavhumliklarni olib keladi. O‘yinning murakkab qoidalariga qarshi tura olish va munosib javob berish uchun davlat iqtisodiy siyosatining barcha sohalari yangi bosqichga ko‘tarilishi lozim.
Hozircha so‘nggi 20 yil davomida chuqur davlatlashgan O‘zbekiston iqtisodiyotida prinsipial yoki tizimli o‘zgarish yuz bermaganligini ko‘rmoqdamiz. O‘zbekistonning YeOIIga qo‘shilishi oqibatlariga baho berish uchun mavjud bozor, makroiqtisodiy va sanoat siyosatining modellariga nazar tashlash kerak bo‘ladi. Ular iqtisodiyotning raqobatbardoshligi shakllanadigan asosiy bozorlarda qanday natijalar berganini ko‘rib chiqish lozim.
Iqtisodiy siyosat yo‘nalishlarini amalga oshirishda yuqori inflyatsion kutilmalar hamda siyosatchilar orasidagi muvofiqlashuvning sustligi turli sabablarga ko‘ra saqlanib qolmoqda. Xarajatlar va talab inflatsiyasi u yoki bu darajada budjet xarajatlarining ekspansion siyosati, qat'iy soliq siyosati, valuta kursining sakrovchi devalvatsiyasi, tashqi ssudalar hisobiga davlat sektori korxonalarini kreditlashning kuchayishi va budjet sektori xodimlarining ish haqini oshirish, kommunal to‘lovlarning oshishi, energiya narxining o‘sishini shakllantirmoqda.
Konvertatsiyaning joriy etilishi va valuta bozori liberallashtirilganiga qaramay, iqtisodiyotning dollarlashuv darajasi o‘smagan bo‘lsa-da, hamon yuqoriligicha qolmoqda.
Mehnat bozori tarkibiy ishsizlikni boshdan kechirmoqda va talabdan ortiqcha taklif etilayotgan ishchi kuchi xorijiy mamlakatlarga ketmoqda. Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar muhitida mavhumlik saqlanmoqda. Iqtisodiyotning valuta oqimi kanallari — oltin va mineral mahsulotlar, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini eksport qilish, mehnat muhojirlarining pul o‘tkazmalari, xorijiy kreditlar va investitsiyalarga bog‘lanib qolganligi tufayli «gollandcha kasallik» xavfi shakllanmoqda.
EOIIga a'zo bo‘linsa, davlat boshqaruvi sifati va byurokratiya muammosi integratsiya jarayonlarini boshqarishdagi keskin institutsional chorlov bo‘lib qoladi.
Korporativ sektordagi davlat tadbirkorligining samaradorligi bilan bog‘liq vaziyat mavhumligicha qolmoqda. Ushbu sektor ichki resurslarni ham, tashqi qarzlarni ham «yemoqda». O‘zbekiston Markaziy bankining ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakat xususiy tashqi qarzining 75 foizi neft-gaz va energetika sohalariga yo‘naltirilgan.
Agar bunday meros bilan YeOIIga kiriladigan bo‘lsa, biznes va milliy iqtisodiyot bozorning yanada keskin shartlariga qanday javob qaytara oladi? Ayrim ekspertlar «liberallashtirish omili» deb atayotgan ichki bozorda saqlanib qolgan keskinlik narxlar, foiz stavkalari va valuta kurslarining mavhumligi va o‘zgaruvchanligi uchun qo‘shimcha omillarga ega bo‘ladi. Hukumatning iqtisodiy ishlardagi ulushi yuqori bo‘lgan hollarda tahlil, muvofiqlashtirish va qarorlarni qabul qilishning makroiqtisodiy tizimi aniq va mukammal bo‘lmaydi.
Aslida, YeOIIga a'zo davlatlar makroiqtisodiy va sanoat siyosati, yumshoq kuch siyosati, institutsional va tarkibiy islohotlardan foydalangan holda yagona iqtisodiy makonda raqobatlashadi. Ya'ni, davlatdagi makroiqtisodiy va sanoat siyosatining samaradorligini mehnat bozorlari, mahsulotlar va pullarning raqobatbardoshlik darajasi bilan baholash mumkin.
YeOIIga kirishdan ushbu siyosatlar yaxshi tashkil etilgan, bandlik, daromad va omonatlarni oshirayotgan, inflyatsion kutilmalar va noaniqliklarni samaraliroq boshqarayotgan, milliy eksport bazasini muvaffaqiyatli mustahkamlayotgan, inson kapitaliga ko‘proq sarmoyalar kiritayotgan, mehnat resurslaridan yaxshi foydalanayotgan davlatlar ko‘proq yutadi.
Kamroq muvaffaqiyatga erishgan mamlakatda makroiqtisodiy va sanoat siyosati ichki bandlik, ishlab chiqarishni rivojlantirish, eksport bazasi va mehnat unumdorligini oshirishni rag‘batlantiruvchi tizimli ijobiy o‘zgarishlarni ta'minlamaydi. Shunday qilib, YeOIIga a'zo bo‘lish rivojlangan ishtirokchi davlatga unchalik rivojlanmagan a'zo davlatlarning daromad va jamg‘armalari hisobiga o‘z iqtisodiy o‘sishini rag‘batlantirish imkonini beradi.
Bugungi kunda O‘zbekiston va YeOII o‘rtasidagi tovar, kapital, texnologiya va mehnat oqimi, albatta, har ikki yo‘nalishda ham mavjud. Davlatning tarif va notarif to‘siqlari, ko‘plab qoidalar, jarayon va cheklovlar iqtisodiyotni o‘rab turish yoki iqtisodiyotga nisbatan ta'sirni kamaytirishga «yordam bermoqda» – ular YeOIIning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta'siri yo‘nalishi va miqyosini kamaytiradi va nazorat qiladi. Ammo integratsion platformaga ehtimoliy kirish bilan YeOIIning ta'siri sezilarli darajada oshadi. Shunga mos ravishda, O‘zbekiston iqtisodiy siyosatining turli yo‘nalishlardagi mustaqilligi va boshqaruv qobiliyati sezilarli darajada kamayadi.
Sovetcha munosabat va YeOII iqtisodiyotlarining bir xilligi
YeOII va MDH mamlakatlarini solishtirganda, hanuzgacha boshqaruv, biznes, ta'lim, fan va sog‘liqni saqlash hamda boshqa institutlar sovet o‘tmishi tufayli umumiy o‘xshashliklarga ega, bir shaklda ekanini e'tirof etish kerak. Davlatlar samaradorlik va raqobatbardoshlik yangicha bosqichda ishlaydigan yangi madaniy-mafkuraviy va iqtisodiy-texnologik sakrash qila olmadilar.
Bir tomondan, biz go‘yoki samarali integratsiya uchun zarur shart-sharoitlarga egadekmiz, chunki bizda siyosatchilar, byurokratlar, ijodkor ziyolilar va keng omma ongidan hali o‘chib ketmagan boy sovet o‘tmishi mavjud. Bugun yangi birlashuvni qo‘llab-quvvatlayotgan siyosatchilar yoki ziyolilar yetarlicha topiladi.
Darhaqiqat, madaniy-tsivilizatsion va iqtisodiy-texnologik bir xillik integratsiya uchun ratsional asos yaratadi. Yevrosiyo Taraqqiyot banki tadqiqotchilari «bog‘lovchi integratsiya» konsepsiyasini ilgari surdilar. Ularning konsepsiyasiga ko‘ra, «bog‘lovchi integratsiya — yaqin vaqtgacha yagona siyosiy yoki iqtisodiy birlashma (unitar davlat yoki mustamlaka imperiyasi) tarkibiga kirgan va yuqori darajadagi iqtisodiy, siyosiy va madaniy aloqalarni saqlab qolgan bir guruh mamlakatlar tomonidan ilgari surilgan mintaqaviy integratsiya loyihasidir».
Boshqa tomondan, «bog‘lovchi integratsiya» ruhidagi turli jarayonlar bugungi kunda YeOIIsiz ham mavjud. Masalan, O‘zbekiston ShHT, Turkiy ittifoq, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchrashuvlari va boshqalar doirasida ish olib bormoqda.
Ammo YeOIIga kirish qisman integratsiyani «tizimli bog‘lovchi integratsiya» darajasiga ko‘taradi.
Bunda qanday xatarlar mavjud?
Birinchidan, alohida global samarasiz iqtisodiyotlar bir oz kattaroq global samarasiz iqtisodiyotga birlashadi.
Ikkinchidan, YeOIIning og‘irlik markazi Rossiya tomonga monopolistik tarzda taqsimlanadi.
Uchinchidan, global hamjamiyat bilan integratsiyalashuvning muqobil yo‘llarini rivojlantirish salohiyati pasayadi, chunki ittifoq qoidalari milliy davlat rivojlanish strategiyalarining serqirraligini cheklab qo‘yadi.
To‘rtinchidan, YeOIIga qo‘shilish uchun kattagina qiymatda to‘lashga to‘g‘ri keladi: har qanday chuqur integratsiya YeOII bozorlarida ittifoq standartlarini ishlab chiqish, kelishish, uyg‘unlashtirish va joriy etish uchun sezilarli investitsiyani talab qiladi.
Qanday qilib EOIIda raqobat va bir-birini to‘ldirish o‘rtasida balansga erishish mumkin?
YeOII asoschilari possovet mamlakatlari iqtisodiyotlari turli milliy yo‘nalishlarni o‘zaro to‘ldirish imkoniyatiga ega deb ishonishadi. Sovet iqtisodiyotida sanoat va tarkibiy respublikalar o‘rtasidagi ma'muriy-rejalashtirilgan bir-birini to‘ldirish modeli ideal tarzda amalga oshirilganini eslasak, buni tushunish mumkin. Ammo yangi voqelikda biz respublikalarning ishlab chiqarish tizimlari o‘rtasida bir-birini to‘ldirishni emas, balki raqobatni ko‘rmoqdamiz.
MDH va YeOII davlatlari milliy raqobatbardoshlikni yaratishga e'tibor qaratgan. Hozirgi kichik iqtisodga ega a'zolar va potensial sheriklar YeOIIga Rossiya bozoridagi yoki birlashgan yaxlit bozordagi qo‘shimcha eksport imkoniyatlari nuqtayi nazaridan qarayotgani mantiqan to‘g‘ri. Rossiya bozori uchun kurashning bu tabiiy omili Rossiyaning qarshiligiga duch keladi.
Ishtirokchilar o‘rtasidagi yashirin va oshkora savdo urushlaridan Rossiya iqtisodiy va siyosiy jihatdan sekin-asta yutuqlarga erishmoqda. Bunga Rossiya va Belarusning integratsiyaviy tajribasi yaqqol misol bo‘la oladi: bunda kichik iqtisodiyot energetik va eksport jihatdan katta bozorga jiddiy qaramlikni boshdan kechirmoqda. Iqtisodiy jihatdan Rossiyaga qaram bo‘lib qolishga yo‘l qo‘yilishi istiqbolda milliy suverenitetning kichik yoki katta hajmda yo‘qolitilishi olib kelishi mumkin.
Umuman olganda, har qanday chuqur integratsiya platformasi milliy iqtisodiyotlarning raqobati hamda bir-birini to‘ldirish prinsiplari va manfaatlarining muvozanatiga asoslanadi. Integratsiya platformasi orqali bog‘langan davlatlar manfaatlar muvozanatini topishga harakat qiladi. Hattoki eng mustahkam va yetuk integratsiya platformalari ham ziddiyatlardan kafolatlanmagan. Ammo YeOII bilan bog‘liq holatda raqobat va o‘zaro bir-birini to‘ldirishning samarali muvozanatini topish juda qiyin ko‘rinadi. Muammoning yechimi «sovetcha» yoki «neosovetcha» shaklda bo‘lishi mumkin, bunda kichik iqtisodiyotlar Rossiyaning hukmron iqtisodiyot tizimi uchun yordamchi yoki infratuzilma rolini bajaradi.
Rossiya iqtisodiyotining yirik hajmi va samaradorlik tanqisligi
YeOII to‘g‘risida gapirganimizda, Rossiya iqtisodiyotining ko‘lamini hisobdan chiqarmasligimiz lozim. Rossiya YaIM hajmi bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda va aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaIM darajasi bo‘yicha 59-o‘rinda turadi. Bu qarama-qarshilikning sababi faqat bitta narsani — uning iqtisodiyoti yetarli darajada global raqobatbardosh emasligini anglatadi.
Bunday yirik iqtisodiyotning samaradorligi bilan bog‘liq murakkabliklar va chaqiriqlar, shubhasiz, tashqi dunyodan kelmaydi, balki ichkaridan o‘sib chiqadi. Rossiya o‘z global kun tartibini mutanosib ravishda amalga oshirishga intilayotgan yirik va muhim geosiyosiy imperiya tizimi bo‘lib qolmoqda. Va bunda Rossiya iqtisodiyotining dunyodagi ulushi 2 foizni tashkil qilishi muhim emas.
Mana shu 2 foiz – YeOII doirasida O‘zbekistonni ham qo‘shib hisoblaganda 84 foiz demakdir (1- va 2-jadvallar). Hattoki YeOII davlatlari iqtisodiyotining raqobatbardoshligini shartli ravishda teng deb olganimizda ham, Rossiyaning birgina iqtisodiy ko‘lami bizni hech bo‘lmaganda ehtiyotkorlikka chorlaydi. Rossiya iqtisodiyotining real yuqori raqobatbardoshlik ko‘rsatkichlarini hisobga olsak, vaziyat yanada oydinlashadi. Iqtisodiy dominantlik, yumshoq kuch, YeOII davlatlari iqtisodiyotini harakatlantiruvchi kuch va tuzilmalarning bir xilligi mavjud sharoitda Rossiyaning boshqa kichik iqtisodiyotlarni yutib yuborishi xavfi juda katta.
1-jadval. YeOII davlatlari va O‘zbekistonning tanlangan guruh YaIMdagi ulushi, 2000 y.

2-jadval. YeOII davlatlari va O‘zbekistonning tanlangan guruh YaIMdagi ulushi, 2018 y.

Tasavvur qiling, Rossiya iqtisodiyoti resurslar samaradorligining yuqori darajasida ishlaydi va Rossiya aholisi G‘arb mamlakatlaridagi kabi yuqori daromadga ega. Ana shunda YeOIIga a'zo boshqa davlatlar uchun Rossiya iqtisodiyoti – xo‘jalik tuzilmasini jadal qayta qurish va raqobatdoshlikning yanada yuqori darajasiga ko‘tarilish uchun kuchli manba bo‘la olardi. YeOIIning kichik xomashyoga asoslangan iqtisodiyoti Rossiyaning yirik va diversifikatsiyalangan bozorida talab katta bo‘lgan samarali sohalarni qurish uchun katta imkoniyatlarga ega bo‘lgan bo‘lardi. Tasavvurni davom ettiradigan bo‘lsak, agar Rossiyaning omadi kelib oxir-oqibat o‘z iqtisodiyoti bilan jiddiy shug‘ullansa, unda Markaziy Yevrosiyo va Markaziy Osiyodagi iqtisodiy-texnologik sharoit anchagina yaxshi tomonga o‘zgaradi, deb ta'kidlasa bo‘ladi. Shunda Rossiyaning yuqori samaraga ega iqtisodiyoti kichik iqtisodiyotlarni ezmasdan, balki ularning o‘sishi va diversifikatsiyasini rag‘batlantirgan bo‘lardi.
Ammo bu bor-yo‘g‘i iqtisodiy xayolparastlik xolos. Amalda Rossiya atrofidagi kichik iqtisodiyotlar uzoq masofadagi rivojlangan iqtisodiy-texnologik platformalarga yetish uchun qattiq ter to‘kishi va ancha ko‘proq ishlashlariga to‘g‘ri keladi. Ko‘p qutbli strategiyalaridagi xatoliklari ularni Rossiya iqtisodiyotining tarixiy orbitasiga yaqin masofada tutib turadi.
YeOII va «gollandcha kasallik» belgilari
YeOIIga qo‘shilish O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun gollandcha kasallik (Dutch disease) xavfini kuchaytirishi mumkin. Bunda xomashyo eksporti va xizmatlardan keladigan valuta tushumi iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va raqobatbardoshligini oshirishga to‘siq bo‘lib qoladi.
YeOIIga kirish O‘zbekiston investitsiya-xomashyo vektorining ishlab chiqarish sanoatiga bosimini kuchaytiradi, xolos. Ta'sir to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshadi: xomashyo sektoriga investitsiyalarning oshishi resurslarni xomashyo va xizmat ko‘rsatish sektorlariga yo‘naltiradi. Bundan tashqari bilvosita ta'sir ham kuzatiladi: importga bo‘lgan talabning oshishi eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish sanoati o‘sishini susaytiradi.
Gollandcha kasallikni faqatgina neft mahsulotlari eksporti bilan bog‘lash to‘g‘ri emas. Tarkibiy muvozanatlashmagan iqtisodiyotdagi «yaxshi» yangiliklar makroiqtisodiy va sanoat sohalarining samarasizligiga olib kelishi mumkin.
Masalan, valuta bozori va tashqi savdo liberallashuviga qadar O‘zbekiston iqtisodiyoti xomashyo (oltin, energiya) eksportiga, yaqin xorijdagi mehnat muhojirlarining katta miqdordagi pul oqimlariga bog‘lanib qolgan edi. 2018 yilda oltin, energiya va neft mahsulotlari, qora va rangli metallar hamda paxtaning eksportdagi ulushi 60 foizdan ko‘proqni tashkil etdi. Liberallashtirish qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, xizmatlar (turizm) eksporti orqali xorijiy valuta oqimini oshirdi va kengaytirdi.
Shuni ham taxmin qilish mumkinki, O‘zbekiston YeOIIga kiradigan bo‘lsa, Rossiyadan milliy sanoatdagi xarajatlar va yo‘qotishlar o‘rnini qoplay olishi mumkin bo‘lgan imtiyozli moliyaviy sharoitlarni so‘raydi.
O‘zbek modelida, eksportning xomashyo kanallari/tarmoqlaridan olinadigan daromad mehnat resurslarining quyidagi yo‘nalishlarda ko‘chishi va jamlanishiga yordam beradi: tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish, malakasiz mehnat migratsiyasi, turizm.
Bunda, ularning valuta tushumlari ko‘payishi savdo qilinmaydigan (mamlakatlar o‘rtasida ko‘chib o‘tmaydigan) tovarlar va xizmatlarga (masalan, umumiy ovqatlanish, qurilish, ta'lim, tibbiy xizmat va boshqalar) bo‘lgan talabning oshishiga ko‘maklashadi.
Bunday xizmatlar sektori o‘sib bormoqda va bu real almashuv kursining mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, ishlab chiqarish sanoati tarmoqlari talab yetishmovchiligiga duch kelyapti. Natijada real almashuv kursining o‘sishi va ichki bozorda ishlab chiqarish sanoati mahsulotlarining taqchilligi importga nisbatan bosimni yuzaga keltirib, joriy to‘lov balansining beqarorlashuviga olib kelmoqda.
O‘zbekistonda iqtisodiyot strukturasidagi makroiqtisodiy nomutanosiblik saqlanib qolmoqda va ichki bozorning YeOII uchun ochilishi buni yanada kuchaytiradi. Mamlakat xomashyo eksporti iskanjasidan chiqib ketishga harakat qilib, buning uchun eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlarni rivojlantirish dasturlarini amalga oshirmoqda. Biroq yuqori darajadagi real almashuv kursi sharoitida uy xo‘jaliklariga YeOII mamlakatlaridagi arzon tovarlarga erkin yo‘l berish O‘zbekistondagi sotilayotgan tovarlar (ishlab chiqarish sanoati mahsulotlari) sektoriga yanada ko‘proq zarar keltiradi. Mahalliy tovarlarga nisbatan import tovarlarga bo‘lgan talab yanada kuchayadi.
Shunday qilib, iqtisodiyot joriy to‘lov balansining surunkali tanqisligiga duch kelishi mumkin. Ya'ni iqtisodiyot ortiqcha milliy xarajatlarni (iste'mol va investitsiyaviy) tashqi qarzlar va chet el investitsiyalari hisobiga moliyalashtirishni boshlaydi.
Orifjon Namozov,
iqtisod fanlari doktori.
Manba: kun.uz